|
KIRISH Barkamol avlod tarbiyasida shaxsning kadrlar tayyorlash tizimida bosh ubyekt va obyekt, «ta`lim sohasidagi xizmatlarning iste`molchisi va ularni amalga oshiruvchi» sifatida qayd qilinishi ta`lim tizimiga mutlaqo yangicha yondashishni taqozo etadi. Jumladan, ta`lim tizimidagi islohotlar, ta`lim mazmunidagi o`zgarishlar bevosita adabiyot o`qitish metodikasiga ham o`z ta`sirini ko`rsatmasdan iloji yo`q. Qolaversa, adabiyotshunoslik fani va uning metodologik asoslaridagi yangilanishlar ham adabiyotni o`qitish mazmuniga yangicha yo`nalishlar berishini tabiiy hol deb, tushunmoq kerak. Bu esa uzluksiz ta`lim tizimining barcha bo`g`inlaridagi adabiyot dasturlari va darsliklarining yangi avlodini yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Ana shu ehtiyoj natijasida so`nggi 10-12 yil ichida o`rta maktablarning adabiyot dasturlari va darsliklari bir necha bor yangilandi. Bu jarayon davom etmoqda. Boshqacha aytganda, mustaqil ishlar mohiyat e`tibori bilan nafaqat o`quvchi, balki o`qituvchi uchun ham juda muhim ta`limiy-didaktik vazifani bajaradi. Mustaqil ishlarni to`g`ri tashkil qilmasdan turib, ta`lim taraqqiyotiga erishib bo`lmaydi. So`nggi o`n yillikda ta`lim tizimidan mustahkam o`rin egallagan test topshiriqlari mazkur muammoning jahon standarti talablari asosida yanada teran mohiyat kasb etganidan dalolat beradi. Mustaqil ishlar ustida ishlash o`quvchilarni badiiy asar tahlili, yozuvchi mahorati, badiiy so`zning obrazlilik xususiyati kabi adabiy-nazariy tushunchalar bilangina qurollantirib qolmay, ularni mustaqil mushohada yuritish, chunonchi, asar tahlilida muhimni nomuhimdan ajratish, asosiy masalani aniqlash, misollarni taqqoslash, umumlashtirish va tegishli xulosa chiqarish malakalarini ham shakllantiradi. O`quvchi darslikdagi mustaqil ishlarustida mustaqil ishlarni bajarish jarayonida bilimlarni passiv qabul qiluvchidan faol o`zlashtiruvchiga aylanadi. O`quvchi mustaqil ishlarustida ishlaganda o`rganilayotgan asar matni, u haqda darslikda berilgan nazariy material yuzasidan mustaqil mulohaza yuritadi, imkon doirasida boshqa manbalarga murojaat qiladi, izlanadi. Shu tariqa mehnat qilib o`zlashtirilgan bilim va tushunchalar, malaka va ko`nikmalar asta-sekin o`quvchi xotirasiga muhrlanib qoladi. Uning intellektual salohiyati va ma`naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltiradi.
ADABIYOT DARSLARIDA MUSTAQIL ISHLAR USTIDA ISHLASHNING ILMIY-METODIK VA DIDAKTIK ASOSLARI Adabiyot o`qitish metodikasida didaktik tamoyillarga keng murojaat qilinadi. Buning asosiy sababi adabiy ta`limning ma`naviy-axloqiy, adabiy-estetik tarbiya bilan chambarchas bog`liqligidir. Zero, eng qadimgi afsona va rivoyatlar, O`rxun-Enasoy yodgorliklaridan tortib to hozirgi kungacha yaratilgan mavjud badiiy adabiyot namunalari insonni olam jumboqlariyu ko`ngil kengliklarini teran anglash orqali ma`naviy-axloqiy kamolot sari yetaklaydi. Ikkinchidan, badiiy asarlarni adabiyot predmeti doirasida o`rganib, berilgan matnlarni adabiyot nazariyasi asosida tahlil etish o`quvchilarning ilmiy dunyoqarashini o`stirishga, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga, nutqini boyitishga yordam beradi. Uchinchidan, adabiy ta`lim jarayonida mustaqil ishlarasosida uyushtiriladigan mustaqil ishlarni bajarish orqali o`zlashtirilgan bilim, ko`nikma va malakalar o`quvchilarning ma`naviy kamolotida muhim o`rin tutadi. Ko`rinadiki, adabiyot o`qitish metodikasi didaktika bilan uzviy aloqadorlikda yashaydi. Didaktik adabiyotlarda berilgan reproduktiv, tizimlilik, izlanuvchanlik, muammoli ta`lim kabi metodlardan har biri o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lib, darsning maqsadi, o`rganiladigan materialning mazmuniga ko`ra tanlanadi. Maktabda o`qitiladigan barcha o`quv predmetlari uchun umumiy bo`lgan didaktik tamoyillar o`qitishda nazariy bilimlar bilan amaliyotning uzviy aloqada bo`lishini, mavzular, boblar va hatto o`quv predmetlari orasida o`zaro bog`liqlikni ta`minlaydi. Mazkur tamoyillarning bir qismi o`quvchi faoliyatiga tegishli bo`lsa, ikkinchi qismi o`qituvchi faoliyatiga daxldor. Masalan, o`quvchilar darsda faollik, izchillik, onglilik tamoyillariga amal qilishsa, ilmiylik, darsni tashkil etishdagi ko`rgazmalilik, o`tiladigan mavzu mazmuniga mos metod tanlash, ilg`or pedagogik va axborot texnologiyalaridan, dasturlashtirilgan ta`lim (kompyuterlar dasturi)dan, shuningdek, qo`shimcha o`quv adabiyotlari va mahalliy, tarixiy manbalardan foydalanish kabi masalalar bevosita o`qituvchining kasbiy pedagogik faoliyatida o`z aksini topadi. Ilmiylik tamoyili. Mazkur tamoyilni qo`llash orqali o`quvchilarga hozirgi adabiyotshunoslikda o`z tasdig`ini topgan, ilmiy jihatdan isbotlangan ma`lumotlar beriladi. O`qituvchi fanning eng so`nggi yutuqlari asosida darslikdagi barcha mavzularni o`zaro bog`liqlikda izohlaydi. Masalan, darsda ertaklar o`rganilsa, o`quvchilar ertaklarning o`ziga xos xususiyatlari to`g`risidagi nazariy ma`lumotlar bilan ham tanishadilar. Darslikning shu bobidan so`ng berilgan mustaqil ishlarasosida o`rganilgan materiallar umumlashtirilib, to`ldirilsa, yangi didaktik manbalar o`quvchilar o`zlashtirgan bilimlarni boyitish va mustahkamlashga xizmat qiladi. «Adabiyot» darslik-majmuasidagi «Ertaklar haqida», «Ruboiy haqida», «Hikoya haqida», «Afsonalar haqida», «Badiiy asarning milliyligi haqida», «qasida haqida», «Xarakter haqida» kabi nazariy materiallarni ilmiylik tamoyili asosida o`rganish ulardan oldin o`rganilgan badiiy asarlarning janriy xususiyatlari bilan uyg`unlashtirilgan holatda olib boriladi. Shu tariqa o`quvchilarga adabiyotshunoslikdan dastlabki nazariy ma`lumotlar beriladi. Bu esa shu yoshdagi o`quvchilarning ilmiy dunyoqarashini, adabiy-estetik tafakkurini, mantiqiy fikrlash malakasini shakllantirishga yordam beradi. Taniqli psixolog E.G`oziyevning fikricha, ayni shu yoshdagi «... o`quvchilar uchun mustaqil bilim olish, ijodiy fikr yuritish, o`zini o`zi boshqarish, anglash, baholashga keng imkoniyat yaratiladi. O`smirlik yoshida kattalik holatiga yetish jarayoni sodir bo`ladi. Bular, avvalo, ta`lim jarayonida ro`y beradi: yangi axborotlarni, ma`lumotlarni bayon qilish shakli, uslubi va usullari o`smirlarni qoniqtirmay qo`yadi. O`smir endi zarur o`rinlarni mantiqiy xotira va tafakkurga suyangan holda o`zlashtirishga harakat qiladi» O`zbekiston Respublikasining «Ta`lim to`g`risida»gi qonuni hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Uzluksiz ta`lim konsepsiyasi», «Davlat ta`lim standartlari», davlatimiz rahbarining milliy maktab yaratish haqidagi farmoyishlari milliy pedagogik merosimiz, adabiy ta`lim bilan bog`liq tadqiqotlar, «Adabiyot fani o`quv dasturi» (umumiy o`rta ta`lim maktablari uchun) talablari adabiy ta`lim va tarbiyani insonparvar, demokratik tamoyillarga tayangan holda olib borishni shart qilib qo`ydi. Adabiyot darslarida mustaqil ishlar ustida ishlashning ta`limiy didaktik asoslari nimalardan iborat? Shu va shunga o`xshash savollarga javob berish mustaqil ishlar ustida ishlash usullarini ta`lim jarayoniga tatbiq etish mazmuni va shakllarining aniq belgilanishini taqozo etadi. – adabiyot darslarida o`quvchilarda vatanparvarlik va milliy g`urur hissini shakllantirish, ularni adabiy tahlilning turli usul va vositalari ko`magida mustaqil va ijodiy fikrlashga yo`naltirish; – badiiy so`zning obrazlilik xususiyatini ochish va adabiy hodisalarning tub mohiyatini o`rganish barobarida o`quvchilarda ma`naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish, ta`lim va tarbiyaning uzviyligini ta`minlash; – o`quvchilarning ta`lim subyekti sifatida adabiy bilimlarni ongli ravishda o`zlashtirishiga erishish; – yangi pedagogik texnologiyalar, xususan, ta`limning interfaol usullarini qo`llagan holda har bir darsni o`quvchilar uchun orziqib kutadigan qiziqarli mashg`ulotga aylantirish; – o`quvchilar egallagan adabiy ko`nikma va malakalarni nazorat qilishning turli usullari vositasida mustahkamlash; – ta`lim va tarbiyaning ijtimoiy hayot muammolari bilan uzviy bog`lanishiga e`tibor qaratish; – adabiyot darslarida mustaqil ishlar ustida ishlash orqali adabiy ta`lim muammolarini mantiqiy ketma-ketlikda, ilm-fanning eng so`nggi yutuqlari asosida hal etishga diqqat qaratish; – adabiyot darslarida o`quvchilarning bilimi, ko`nikma va malakalarini mustaqil ishlarasosida nazorat qilish va baholashning yaxlit tizimini yaratish, asosiy mezonlarini ishlab chiqish; – adabiyot darslarida bayon etiladigan asosiy tushunchalar, xulosa va ta`riflarning aniqligiga erishish. Adabiyot darslarida o`quvchilarning mustaqil ta`lim olishlari huquqiy-me`yoriy hujjatlar bilan mustahkamlanadi. O`quvchilarning Davlat ta`lim standartlari doirasida ta`lim olishlarida darsliklar, darslik-majmualar, o`quv qo`llanmalari va boshqa didaktik manbalarning har biri o`ziga xos vazifani bajarishga yo`naltirilgan. Ma`lumotlar banki axborotlashtirilgan kompyuter texnologiyalarining imkoniyatlari va vositalari asosida yaratilgan bo`lib, statik va dinamik rejimda tuzilgan, tovush va rangli tasvirlar bilan ta`minlangan, katta hajmdagi axborotlarni o`z ichiga olgan va ularni turli ko`rinishda (jadvallar, diagrammalar, gistogramma, matn, rasm va h.k) bera oladigan, o`quv jarayonida o`quvchilarning o`z ustida mustaqil ishlashlari va bilimlarini nazorat qilish uchun doimiy ravishda to`ldirib boriladigan, keng doirada foydalanishga mo`ljallangan, davlat ro`yxatidan o`tgan ma`lumotlar to`plamidir. Davriy adabiyotlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan ma`lumotlar to`plami sifatida yangi pedagogik texnologiyalar asosida internet tarmog`idan foydalanishga keng yo`l ochadi. Elektron adabiyotlar kompyuter texnologiyasiga asoslangan o`quv uslubini qo`llashga, mustaqil ta`lim olish hamda fanga oid o`quv materiallari, ilmiy ma`lumotlarni har tomonlama samarali o`zlashtirishga mo`ljallangan. Ularda: a) ilmiy materiallar faqat verbal (matn) shaklida; b) o`quv materiallari verbal (matn) va ikki o`lchamli grafik shaklida; v) «multimedia» - (ko`p axborotli) qo`llanmalar, ya`ni ma`lumotlar uch o`lchamli grafik ko`rinishda, ovozli, video, animatsiya va qisman verbal (matn) shaklida yaratiladi. Umuman olganda, o`quvchilarning fan asoslarini egallashlarini mustaqil ishlarsiz tasavvur qilish qiyin. Mustaqil faoliyatning har qanday ko`rinishi insonni o`z ustida ishlashga, bilimlarini boyitishga undaydi. Ko`rinadiki, mustaqil ishlar ustida ishlash muhim didaktik muammolardan sanaladi. Ammo metodik adabiyotlarda unga yetarli e`tibor berilmayotgani afsuslanarlidir. O`qituvchi ulardan tashqari o`zi tuzadigan savol-topshiriqlarga ham asoslanib o`quvchilarning mavzu (badiiy, ilmiy, ilmiy-metodik matnlar) yuzasidan o`zlashtirgan bilimlari, ko`nikma va malakalari darajasini aniqlaydi, adabiy-nazariy tushunchalarini boyitishga turtki beradi. Didaktik tahlil ta`lim samaradorligi va uni belgilovchi qoidalarning o`quvchilar tomonidan qay darajada bajarilishini aniqlashga yordam beradi. Adabiyot darslarida o`quvchilar faoliyatini boshqarish didaktik vazifa sanaladi. U yoki bu mavzuni o`rganish jarayonida mustaqil ishlar vositasida o`zaro ta`sir ko`rsatish o`qituvchini ham, o`quvchilarni ham o`ylashga o`rgatadi. Bu esa o`quvchilarni adabiy-nazariy bilim, tushuncha, ko`nikma va malakalarni egallashga o`rgatadi. Didaktik tahlilda quyidagi masalalar hisobga olinadi: -o`qituvchi bayonining o`quvchilar ongiga to`la yetib borishi; -barcha o`quvchilarning darsga ongli va faol munosabatda bo`lishlari; -ta`limning yangi pedagogik texnologiyalari va interfaol usullardan foydalanish; -o`quvchilarning berilgan savol-topshiriqlarni mustaqil bajarishlariga erishish. Muammo yuzasidan olib borilgan izlanishlar natijasida o`quvchilarning o`zlashtirish darajasi tubandagi masalalarga bog`liq degan xulosaga keldik: - bayon etiladigan materiallarning o`quvchilar tomonidan tushunilishi; - yangi o`tiladigan mavzuning oldingi mavzu bilan uzviy bog`liqligi; - har bir tushunchaning o`qituvchi tomonidan qisqa va tushunarli ifoda etilishi; - o`quvchilar ishtirokida xilma-xil mustaqil ishlarning bajarilishi; - darsning ma`lum bir tizimda olib borilishi; - mustaqil ishlarorqali o`quvchilarni yangi bilimlarni o`zlashtirishga yo`llash. Tushunilishi murakkab bo`lgan matnlar yuzasidan beriladigan mustaqil ishlarustida ishlash jarayonida izohli o`qish, lug`at ustida ishlash, sinonimlardan foydalanish kabi ijodiy ishlarga murojaat qilinsa o`quvchilarning faolligi oshadi. Shu jarayonda o`zi o`zlashtirgan bilimlarni amaliyotda qo`llashi natijasida o`quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyati shakllana boradi, ijodiy tafakkuri yuksaladi. Har qanday fanga doir bilim va tushunchalar faqat o`quvchilarning aqligagina emas, balki qalbi va his-tuyg`usiga ham ta`sir ko`rsatgandagina ta`lim-tarbiya uyg`unligiga erishish mumkinligi metodika ilmida allaqachon o`z isbotini topgan haqiqatdir. Bu borada adabiyot darslarida didaktik tahlildan foydalanish, shubhasiz, o`zining ijobiy natijalarini beradi. Adabiyot darslarida didaktik tahlilni qo`llash orqali, birinchidan,o`quvchilar qo`yilgan masalani o`rganishga tayyorlanadi, ikkinchidan, darslik va darslik-majmualardagi badiiy, ilmiy va ilmiy-metodik matnlar ustida ishlash, qo`shimcha adabiyotlardan foydalanish malakalarini egallay boradilar, uchinchidan, adabiy-nazariy tushunchalarni amalda qo`llash hamda o`zlari bajargan mustaqil ishlardan to`g`ri xulosalar chiqarishga o`rganadilar. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. 1. Dastur bo`yicha o`zlashtirilishi ko`zda tutilgan bilimlar, ko`nikma va malakalar mustaqil ishlaryordamidagina to`la amalga oshirilishi mumkin. Shunga ko`ra, mustaqil ishlarustida ishlash g`oyat muhim didaktik muammo sanaladi. 2. Darslik va darslik-majmualaridagi mustaqil ishlaro`qituvchi uchun ham, o`quvchi uchun ham yo`llanma vazifasini o`taydi. Ammo tayyor savol-topshiriqlarning o`zi bilangina cheklanmasdan, o`quvchilarning saviyasi va qiziqishiga qarab mustaqil ishlartuzish ta`lim samaradorligiga yo`l ochadi.
DASTUR TALABI I ASOSIDA MUSTAQIL ISHLARNI TASHKIL ETISH O`zbekiston Respublikasida inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi, yuksak ijtimoiy taraqqiyotga yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, jahon hamjamiyatiga qo`shilishni ta`minlaydigan huquqiy demokratik va ochiq fuqarolik davlati qurilar ekan, inson va uning har tomonlama uyg`un kamol topishi, farovonligi va shaxs manfaatlarini ruyobga chiqarishning shart-sharoitlari hamda ta`sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o`zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchi bo`lib qolaveradi. Xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim shartidir. Mazkur davlat hujjatining tub mohiyatini tashkil qiluvchi metodologik asosning tarixiy ildizi Abu Nasr Farobiy va Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Hojib va Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarida ilgari surilgan g`oyalardan suv ichgan bo`lib, yuksak kasb-hunar madaniyatiga, mustaqil ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mo`ljalni to`g`ri ola bilish mahorati va yuksak intellektual salohiyatga ega bo`lgan, istiqbol vazifalarni bekamu ko`st hal qilishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo`naltirilgandir. Milliy dasturning asosiy maqsadi ta`lim sohasini tubdan isloh qilish asosida uni o`tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to`la xalos etish, rivojlangan davlatlar darajasidagi kabi yuksak ma`naviy-axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratishga qaratilgan. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning asosiy yo`nalishlaridan biri kadrlar tayyorlash milliy modelidir. Uning tarkibiy qismini uzluksiz ta`lim tizimi tashkil etadi. Unga ko`ra umumiy o`rta ta`limning yangicha tizimi va mazmunini shakllantirish o`z ichiga quyidagi masalalarni qamrab oladi: - ta`limda o`quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish; -ta`lim berishning ilg`or pedagogik texnologiyalari va zamonaviy o`quv-uslubiy majmualarni yaratish, o`quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta`minlash; -o`quvchilar kasb-hunar tanlaydigan va pedagogik-psixologik jihatdan maslahatlar oladigan markaz tarmoqlarini tashkil etish. Ayni shu masalalar Davlat ta`lim standartida ham o`zining chuqur ifodasini topgan. Matnni to`g`ri, tez va ifodali o`qish, 4-5 ta badiiy matnni yoddan aytib berish, berilgan har qanday mavzuda og`zaki va yozma ravishda fikr yurita olish, o`qigan asarlaridan olgan taassurotlarini yorqin ifodalab bera olish, o`zga insonning tuyg`ulari va hissiy kechinmalari xususida fikr yurita olish, turli mavzularda insho yoza bilish, o`rganilgan asarlarda tasvirlangan badiiy timsollarga xos bo`lgan xislatlarni anglab, ularga munosabat bildira olish, adabiyot nazariyasiga oid bilimlarni kitobxonlik amaliyotida mustaqil qo`llay olish kabi talablar shular jumlasidandir. O`qituvchi va o`quvchilarning hamkorlikdagi faoliyatiga doir mazkur talablar adabiyot darsliklari va darslik-majmualardagi savol-topshiriqlardan ilmiy-didaktik manba sifatida foydalanish orqaligina amalga oshirilishi mumkin. Davlat ta`lim standartlari mavjud ta`lim mazmuni emas, balki tarbiyalanuvchilarga singdirilishi lozim bo`lgan, umumjahon mezonlariga muvofiq keladigan shaxsiy xislatlar misolida amalga oshiriladi. Davlat ta`lim standartida qo`yilgan talablar o`quv dasturlarida ham aks etadi. Binobarin, Q.Yo`ldoshev, U.Normatov, N.Karimov, B.Qosimov, A.Kattabekov, Q.Husanboyeva, N.G`ulomovalar tomonidan adabiyot o`quv predmeti yuzasidan tuzilgan o`quv dasturi umumiy o`rta ta`lim tizimida «Adabiyot o`qitish konsepsiyasi» va «Davlat ta`lim standartlari» singari rasmiy hujjatlarga tayanib yaratilgan. Dastur O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan tayanch o`quv rejasiga asoslangan bo`lib, adabiy ta`lim uchun har bir sinfga ajratilgan soatlar miqdori jihatidan ham muqaddam yaratilgan o`quv dasturidan keskin farq qiladi. Chunonchi, mazkur dasturda tayanch o`quv rejasiga ko`ra 6-sinfda adabiyot darslariga avvalgidek haftasiga uch soat emas, balki ikki soatdan vaqt ajratish ko`zda tutilgan. Tabiiyki, endilikda 9-sinfda «Adabiyot» sistemali kurs sifatida o`qitilmaydi. Negaki, umumiy o`rta ta`limning yakunlash bosqichi bo`lgan 9-sinfda adabiyot o`qitish ham muayyan tugallik kasb etishi zarurdir. Buning uchun ko`p asrlik milliy adabiyotimizning eng sara va bugungi kun o`quvchilari tuyg`usiga tez hamda samarali ta`sir ko`rsata oladigan namunalarini darsliklarga imkon qadar ko`proq kiritish va ularni maqsadga muvofiq tarzda joylashtirishga e`tibor qaratilgan. O`rganilishi rejalashtirilgan asarlarning sinflar bo`yicha taqsimlanishida o`quvchilarning yoshi va psixologik xususiyatlari bilan bog`liq bilim darajasi, shuningdek, adabiyotning inson ma`naviy dunyosini shakllantirish, axloqiy qiyofasini belgilashda eng samarali ta`sir ko`rsatuvchi san`at turi ekanligi alohida inobatga olingan. Maktab o`quv predmeti sifatida adabiyotning o`ziga xosligi shundaki, uning o`rganish obyekti so`z san`ati namunasi bo`lmish badiiy asarlardir. Maktabda adabiyot o`qitishning bosh maqsadi sog`lom e`tiqodli, boshqalarning tuyg`ularini anglaydigan, o`tkir hissiyotli, yuksak didli, axloqan barkamol, aqlan yetuk, o`z xatti-harakatlariga mas`ul bo`la oladigan komil shaxsning ma`naviy dunyosini shakllantirishga yo`naltirilishi dasturda to`g`ri belgilangan. Darhaqiqat, o`quvchilarda badiiy adabiyotga mehr uyg`otish, ularni badiiy asarlarni o`qiydigan, tushunib tahlil eta oladigan, o`z fikrlarini og`zaki va yozma tarzda to`g`ri hamda erkin ifodalay oladigan qilib tarbiyalash adabiy ta`limning dolzarb vazifalaridandir. Maktab adabiy ta`limining maqsad va vazifalari adabiyot predmetining mazmunini belgilaydi. Adabiyot darslarida badiiy asarlar o`qituvchi yoki o`quvchilar tomonidan ko`pincha to`liq, ba`zan parcha holida o`qilishi va faqat matnga tayangan holda tahlil qilinishi, asar qahramonlarining o`zaro kurash va intilishlari misolida ilgari surilgan ilg`or g`oyalar, ezgu niyatlar, hayotga jo`shqin muhabbat tuyg`ulari mustaqil ishlarni bajarish jarayonida bevosita o`quvchilarning o`zlari tomonidan chuqur idrok etilishiga katta e`tibor berilishi kerak. O`qituvchi muayyan asar tahlili yuzasidan sinfdagi barcha o`quvchilarning bir xil xulosa chiqarishiga intilmasligi ularda mustaqil fikrlash malakasini shakllantirishning muhim shartidir. Ayni bir badiiy hodisadan o`quvchilarning turlicha estetik-axloqiy ma`no topishlariga imkon berish, buning uchun badiiy asar tahlilida muayyan sinfdagi o`quvchilar tushunchasining rivojlanish darajalari, ruhiy holatlari, shuningdek, asar syujeti voqealaridagi dinamizm, adabiy qahramonlar fe`l-atvoridagi o`ziga xoslikni hisobga olgan holda ish ko`rish taqozo qilinadi. Adabiy tahlilda asosiy e`tibor asarning estetik qimmati haqida tasavvur hosil qilish, asar badiiyligini ta`minlagan omillarni ilg`ab olish va tegishli xulosalar chiqarishga qaratilishi lozim. Rang-barang va ayni paytda o`zaro uzviy bog`liq mustaqil ishlarasosida uyushtiriladigan adabiy estetik tahlilgina o`rganilayotgan asarning o`quvchilar hissiyotiga ta`sirini ta`minlaydi, ijodiy tafakkurini yuksaltiradi, badiiy adabiyotning sehrli olamiga yetaklaydi. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. «Ta`lim to`g`risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» hamda ular asosida yaratilgan Davlat ta`lim standarti, adabiyot o`qitish Konsepsiyasi kabi muhim davlat hujjatlari yosh avlodni ma`naviy barkamol kishilar qilib tarbiyalashda metodologik asos vazifasini o`taydi. Ma`naviy-axloqiy, adabiy estetik tarbiya bilan bog`liq adabiy ta`lim samaradorligi ko`p jihatdan adabiyot darslarida mustaqil ishlarni to`g`ri uyushtirishga bog`liq.
DARSDAN TASHQARI MASHG`ULOTLARDA MUSTAQIL ISHLAR USTIDA ISHLASH Adabiyot darslarida beriladigan mustaqil ishlar o`tilgan mavzularni shunchaki takrorlashga, ayrim noaniq masalalarni aniqlashga, mavzu yuzasidan o`zlashtirilgan bilim va tushunchalarni baholashgagina qaratilmasligi, aksincha qo`yilgan muammolar bo`yicha o`quvchilarni mustaqil fikr-mulohaza yuritishga undashi ham zarur. Pedagogika fanlari nomzodi T.Niyazmetovaning fikricha, adabiyot darslarida o`quvchilar quyidagi yo`nalishlarda mustaqil topshiriqlar ustida ish olib borishi mumkin: «1. O`quvchilar kirish mashg`ulotlarida o`qituvchi tashkil etgan suhbatda faol qatnashadilar, o`rganilgan asar mavzusiga oid ilgari o`qigan kitoblari, ko`rgan filmlari, eshitgan voqea-hodisalar va epizodlarni xotirlab, o`qituvchining savollariga og`zaki yoki yozma javob tayyorlaydilar. 2. Badiiy asarni uyda ovoz chiqarib o`qishda, ko`proq esa ichida o`qish jarayonida matn mazmunini izchil tartibda esda saqlab qolishga intiladilar, tushunmagan so`zlari va iboralarini belgilab qo`yadilar. Agar ilgari malaka hosil qilgan bo`lsa, o`qituvchining ifodali o`qishidan o`rnak olib, matnni o`qishdagi asosiy ohangni, intonatsiyani, pauza qilishga doir o`rinlarni aniqlab, ifodali va yoddan o`qishga tayyorlanadilar. 3. O`qigan matnlarini qismlarga ajratadilar, reja tuzadilar. qism uchun ixcham sarlavhalar topadilar. 4. Matn mazmunini qayta hikoyalashga tayyorlanadilar. qisqartirib, tanlab badiiy hikoyalash bo`yicha mashq qiladilar. 5. Asarni tahlil qilish uchun o`qituvchining oldindan berilgan savollariga matndan misollar tanlab, asar personajlariga og`zaki yoki yozma tavsifnoma tayyorlaydilar, kichik hajmli ma`ruza matnlari tuzadilar. 6. Matnning badiiy tahlili uchun materiallar tayyorlaydilar. Badiiy til vositalarini kuzatadilar, ularni o`qituvchi ko`rsatgan namunada daftarlariga yozadilar. 7. Takrorlash mashg`ulotlaridagi yakunlovchi suhbatga tayyorlanadilar. Yozma nazorat ishlariga tayyorgarlik ko`radilar. Bu vazifalarning hammasi o`qituvchining topshirig`iga asosan bajariladi» Ko`rinadiki, T.Niyazmetovaning tavsiyalari asosan o`qituvchilarning savol-topshiriqlari asosida mustaqil ishlarni tashkil etishga yo`naltirilgan. Lekin mazkur savol-topshiriqlarning hammasidan ham ta`lim jarayonida bir xil tarzda foydalanish mumkin emas va buning imkoniyati ham yo`q. Sinfdan tashqari o`qishni uyushtirishda o`qituvchi tashabbuskor bo`lmog`i, yangi yaratilgan o`ziga xos va badiiy yuksak asarlarni o`quvchilarga tavsiya etishdan cho`chimasligi darkor. Sinfdan tashqari o`qilgan asarlar o`quvchilarni erkin mulohazaga chorlaydi, ijodkorlikka undaydi, kundalik voqelikda tug`ilgan hayotiy savollarga javob topishga o`rgatadi.
O`QUVCHILARNING IJODIY TAFAKKURINI SHAKLLANTIRISHGA DOIR ISHLARI
Keyingi paytlarda ta`lim jarayonida ilg`or pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim bosqichga kirdi. Axborot texnologiyalaridan ta`lim jarayonida foydalanish o`quvchilarning mustaqil fikrlashlari va ijodiy tafakkurini kengaytiradi. Ta`lim jarayonida kompyuter texnologiyasidan foydalanish xususida tadqiqotchilar har xil fikr–mulohazalar bildirishgan. Jumladan, tadqiqotchi P.I.Serdyukov o`zining «Chet tili ta`limida EHM lar» maqolasida o`quvchilar kommunikativ faoliyati (o`quvchining fikr bildirish va axborot olish imkoniyati va faoliyati) haqida so`z yuritib, quyidagilarni tavsiya etadi: kompyuter texnikasi o`quvchilarning kommunikativ faoliyatini modellashtiradi, ijodiy faoliyatini kengaytiradi, faol-lashtiradi; ta`limning individuallashgan va differensiallashgan xususiyatlarini namoyon qiladi, xususan, o`quvchilarning ta`limdagi aloqa-aralashuv faoliyatini ta`minlaydi, topshiriq va javob «kanali» bo`yicha qobiliyatlarini shakllantiradi. Tadqiqotchining fikricha, o`quvchi kompyuter texnikasi vositasida mustaqil ishlarustida ishlaganda bilimlarni sinab ko`rishdan tashqari mustaqil fikrlashga doir ko`nikma va malakalarini ham shakllantiradi. Natijada o`quvchilar bilan obyektiv nazorat turlarini to`la amalga oshirishga muvaffaq bo`linadi. Shu bilan birga, o`quvchilarning boshqa o`quv yurtlari bilan aloqalarini yo`lga qo`yish imkoniyati tug`iladi. Tadqiqotchining tavsiyalarini adabiyot darslarida to`la qo`llash imkoni bo`lmasligi mumkin. Lekin bu tavsiyalarda juda ham muhim optimal variantlar bor. Ulardan foydalanishda, albatta, o`qituvchining tavsiyasi va ko`rsatmalari bo`lishi zarur. Chunki aynan ana shu tavsiya va ko`rsatmalarda o`qituvchining ijodkorligi, o`quvchilar oldidagi mas`uliyati, fidoyiligi namoyon bo`ladi. Tadqiqotchi E.L.Nosenkoning fikricha, kompyuter texnikasi quyidagicha muhim ta`limiy vazifalarni bajarishi zarur: a) ta`lim mazmunini tanlash zaruriyati. Ta`lim mazmuni eskicha bo`lib, dastur talabi yangicha, nazorat turi esa reyting tizimida bo`lsa, albatta, o`quvchining mustaqil fikrlash faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Tadqiqotchining muammoga obyektiv yondashishi shundan iboratki, o`quvchi ta`lim jarayonidagi didaktik masalalarni eskicha qolipda emas, yangicha metod va uslublarda bajaradi; b) o`qituvchining savol-topshiriqlariga o`quvchi og`zaki yoki yozma javob bermaydi, didaktik manba (darslik)dagi materialni ko`r-ko`rona yodlamaydi, balki kompyuter texnikasi uchun tuzilgan maxsus dasturlar asosida o`zlashtiradi. Dasturlar bilan ishlash yuzasidan o`quvchining o`z tushunchasi bo`lishi kerak; v) belgilangan maqsadga erishishda kompyuter texnikasida foydalaniladigan dastur va dasturlash jarayoni yetakchilik qiladi. Kompyuter ta`limi bo`yicha tadqiqotchilardan YE.A.Masliko kompyuter texnikasidan foydalanganda modellashtirish, motivatsiya bo`yicha o`quvchining fikr va bilim doirasini faoliyat darajasiga yetkazishni tavsiya etadi. Kompyuter texnikasi uchun berilgan topshiriqni bajarishda o`quvchining yetarli bilimi bo`lmasa, shubhasiz, o`rganilishi zarur bo`lgan material modellashtirilmaydi. O`quvchi kompyuter texnikasiga mustaqil ishlarbo`yicha aniq va to`g`ri buyruq ham berolmaydi, yetarli ma`lumot ham ololmaydi. Demak, o`quvchida modellashtirish bo`yicha aniq ma`lumot yoki tasavvur bo`lmasa, kompyuter texnikasiga murojaat qilishning hojati bo`lmaydi. Ta`limda motivatsiya masalasi faqat psixologiyaning vazifasi deb kelinar edi. Ta`lim jarayonidagi islohotlar, ta`limning yangi bosqichga ko`tarilishi har bir fanda o`zining yo`nalishi bo`yicha motivatsiya jarayoni mavjudligini taqozo etadi. Dasturlardan foydalanish yuzasidan yo`riqnomalarning aniqligi va maqsadga muvofiqligini ta`minlash. Yuqorida ko`rib o`tilgan va manbalardagi ayrim nuqsonlar ham mana shu ikkinchi yo`nalishdagi talabning noto`g`ri qo`yilishi bilan bog`liqdir. Har qanday sharoitda o`quv-biluv ko`nikma va malakalarni egallash bilan bog`liq talablarni dasturga kiritish. Javob reaksiyalarining aniqlik darajasi. Agar o`quvchi dastur talabi bo`yicha kiritilgan material yuzasidan bajariladigan ish faoliyatida mashinaga aniq ko`rsatma bera olmasa, maqsadga erishib bo`lmaydi. Nazorat va yo`llovchi vositalar imkoniyatlarining maqsadga yo`naltirilganligi ham kompyuterdan foydalanishning asosiy yo`nalishlarini belgilaydi. Agar o`quvchi nazorat va yo`llovchi vositalar imkoniyatlaridan to`liq foydalana olmasa, axborot texnologiyasi asosidagi ta`lim samarasiz chiqadi. Dastur qismlarining foydalanish imkoniyatlari cheklanganligi. Agar o`quvchiga dasturning hamma tarmog`i bir paytning o`zida berilsa, u barcha savol-topshiriqlarni bajarish yuzasidan to`liq ma`lumotga ega bo`lmaydi. O`quvchi o`z ishlarining borishi to`g`risida axborot berib turishi zarur.
XULOSA Ta`lim tizimidagi islohotlar so`nggi yillarda ta`limning barcha bo`g`inlarini to`la qamrab oldi. Dastur, darslik va metodik adabiyotlar mazmunidagi yangilanishlar ta`lim – tarbiyaga daxldor barcha o`quv yurtlarining moddiy – texnika bazasini yaxshilash bilan bog`liq yangilanishlarga uyg`un olib borilmoqda. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da alohida qayd qilinganidek, uzluksiz ta`limni tashkil etish va rivojlantirishning qator tamoyillari, shu jumladan, «ta`lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma`naviyat va ijodiy fikrlashni shakillantirish» tamoyili boshqa fanlar qatori adabiyot o`qitish zimmasiga ilg`or metodik usullarni aniqlash, yangilarini kashf etish, jahon andozalariga javob bera oladigan yangi axborot texnologiyalariga murojaat qilish bilan bog`liq katta mas`uliyat yuklaydi. Umumiy o`rta ta`lim tizimida o`quvchilarning estetik dunyoqarashi, ma`naviy dunyosi va ijodiy fikrlashini shakllantirish adabiyot o`qituvchisi oldiga o`z vazifasiga mutlaqo yangicha yondashish masalasini qo`yadi. Chunki bir qolipda eskicha ishlash zamon talabiga butunlay javob bermaydi. «Ijodiy fikrlash» ko`proq o`quvchining mustaqil faoliyatiga tegishli jarayon. Tadqiqot muammosi yuzasidan olib borgan izlanishlarimiz o`qituvchi uchun ham, o`quvchilar uchun ham savol - topshiriqlar ustida ishlash bu borada qulay imkoniyatlarga ega ekanligini ko`rsatdi. Adabiyot darslarida mustaqil ishlar ustida ishlashning har biri yakka tartibda mustaqil bilim olish, o`zlashtirilgan nazariy bilim va malakalarni tajribada qo`llashga qaratiladi, shuningdek, muayyan ta`limiy-tarbiyaviy natijaga erishish nazarda tutiladi. Adabiyot darslarida mustaqil ishlarustida ishlash orqali o`quvchilarning ijodiy estetik tafakkurini o`stirish, ko`nikma va malakalarini shakllantirish quyidagi masalalarni ijobiy hal qilish bilan chambarchas bog`liq: a) o`quvchilarni asar matni bilan atroflicha tanishtirish; b) matn mazmuni yuzasidan reja tuzish, muhimni nomuhimdan ajratish; v) o`z fikrini asoslash uchun matndan misollar keltira olish; g) topshiriqni bajarishda mavzuga aloqador qo`shimcha manbalardan foydalanish; d) tahlilda o`rganilayotgan asarning janriy xususiyatlarini hisobga olish; ye) o`quv topshirig`idan ko`zlangan maqsadni to`g`ri anglab yetish, mustaqil xulosa chiqarish; j) o`z fikrlarini yozma va og`zaki tarzda ravon bayon qilish; Adabiyot darslarida va darsdan tashqari o`rganiladigan har qanday mustaqil ishlar muayyan ta`limiy-didaktik vazifani bajarishga yo`naltiriladi. Jumladan, o`rganilayotgan mavzuning o`quvchilar tomonidan to`la o`zlashtirilishiga zamin yaratadi. Mustaqil ishlar o`rganilayotgan mavzuning mazmun-mohiyatiga ko`ra u yoki bu masalani aniqlash, izohlash, tahlil qilish va umumlashma xulosalar chiqarishga xizmat qiladi. Shuningdek, o`quvchilarni darsga ongli va faol munosabatda bo`lishga yo`llaydi. |