Og`zaki latifalarda sujet, kompozitsiya va konflikt  

  • Sana 11-04-15
  • Yuklangan 89
  • Fayl hajmi 191,74 kB
K I R I SH . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 3-5

I BOB. Og`zaki latifalarning janr xususiyatlari. . . . . . . . . . . . . . . . .. 6-18
I.1. Latifa kompozitsiyasi. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .. . . 19-29
I.2. Latifa janrida sujet. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 30-38
I.3. Latifa janrida konfiliktning ba`zi xususiyatlari. . . . . . . . . . . . . . . . . 39-42

II BOB. Og`zaki latifalarda badiiy nutq shakllari. . . . . . . . . . . .. . . .. 43-44
II.1. Aytuvchi nutqi xususiyatlari. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .. . . . 45-51
II.2. Latifa monologik hikoya sifatida. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 52-55
II.3. Latifalarda diolog. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .. . .. . . . 56-59

Xulosa. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .. . 60-61

Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . 62-63
Referat haqida toliq malumot:

Og`zaki latifalarda sujet, kompozitsiya  va konflikt

badiiy vositalarni tejab ishlatish, katta g`oyaviy mazmunni majoz yo`li bilan o`quvchiga badiiy tarzda yetkazishga imkon beradi.
Masal janri asoschisi Ezop ekanligi adabiyotshunoslikda ta`kidlansa-da, tarixiy manbalarda Ezop masalchi sifatida emas, balki badbashara donishmand qul, hozirjavob qiziqchi, masxaraboz shaxs sifatida gavdalanishi bizga Nasriddin afandi xislatlarini eslatadi.
Shunday qilib masal janriga asos solgan Ezop emas, balki ijodkor xalqdir. Ezop esa masalning majoziy xususiyatlaridan mohirona foydalangan, uning imkoniyatlarini kengaytirgan va ommalashtirgan.
Masal adabiyotning qiyoslash xususiyatiga ega bo`lgan janrlaridan. Unda jamiyat va tabiat voqea-hodisalari hayvonlar obrazi orqali berilib, ularning o`zaro munosabatlariga o`xshatiladi. Chetdan qaraganda, bu masalni biron-bir fikrning tasdig`i uchun ishlatiluvchi badiiy vositaga o`xshatib yuboradi.
Allegoriya masal janrini boshqa janrlardan, shuningdek, latifa janridan, farqlovchi birinchi belgidir. Latifada, asosan, inson obrazi qo`llanilsa, masallarda shoirning muayyan g`oyaviy-estetik maqsadi hayvonlar, qushlar, narsa-predmetlar (qisman inson) obrazlari vositasida ifoda etiladi. Latifada hayvonlar obrazi faqat yordamchi badiiy detal vazifasini bajaradi. Masallar voqelikni majoziy ifodalasa, latifalarda majoz faqat qahramon nutqida ishlatiladi.
Masal va latifaning o`xshash xususiyatlaridan biri, ulardagi obrazlar an`anaviy bo`lganligi sababli asrlar mobaynida asardan-asarga ko`chib yurishidir.
Masal janri xususiyatlarini belgilovchi asosiy elementlardan biri qat`iy syujetlilikdir. Syujet latifa janriga nisbatan masal tuzilishida nisbiy turg`unlikka ega. Shuning uchun kompozitsion bo`laklar, ya`ni syujet qurilishidagi qolip, andoza hech vaqt o`zgarmaydi. Bu andozadan masalchilar qayta-qayta foydalanadilar, ilgari qo`llangan obrazlar va g`oyaviy motivlarni yangi mazmun bilan ifoda etishaveradi. Masal syujetining qurilishi, voqeabandligi o`ziga xos. Kuchli konfliktga asoslangan, izchil rivojlanib boruvchi syujet yo`nalishi masal uchun shart.
Bunday nazar solsak, masal syujeti ertak, hikoya, latifa syujetiga o`xshab ketadi. Lekin syujet qurilishi ertakda o`zgacha, latifada o`ziga xos, masalda yana boshqacharoqdir.
Mukammal kompozitsiya undagi syujetning konkret va tabiiy rivojlanishidan vujudga keladi. Ma`lumki, ko`p janrlar syujetida 5 ta bo`lak (ekspozitsiya, tugun, voqea rivoji, kulminatsion nuqta, yechim, ba`zida epilog va prologlar) mavjud bo`ladi. Masal janri syujeti esa, M.L.Gasparov ta`kidlaganidek, to`rtta bo`lak (ekspozitsiya-niyat-voqea-kutilmagan natija) dan iborat. To`rt bo`lak masalning nazm yoki nasrda yaratilganidan, hajmidan qat`iy nazar bo`lishi shart.
Latifa janrida syujet tarkibiy qismlarining berilishi, ularning o`rin almashib kelishi yoki bir-ikki bo`lakning bo`lmasligi uchrab turadi. Masal janrida esa ekspozitsiya niyat voqea kutilmagan natijaning qat`iy tartibda kelishi shart va zarur. Bu masal janri syujeti va kompozitsiyasining o`ziga xosligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Masalning hikoya qilinishi ba`zida personajlar tilidan berilsa, ba`zida avtor tomonidan olib boriladi. Ba`zan hikoya qiluvchi chekinib, asar dramatizmini kuchaytirishda dialoglarga ham o`rin beradi. Obrazlar to`qnashuviga xalal bermaslik uchun avtor, odatda, asar syujetining faqat muqaddima va xotimasida ishtirok etadi. Shunda ham avtor masal bayonining boshqaruvchisi bo`lib qolaveradi. Avtor masaldagi voqeaga o`z munosabatini bildirish uchun masal hikoyasini ifodalovchi qissani maqol bilan ifodalaydi. Bu qissa esa syujetning muqaddimasi o`rnida kelib, kompozitsiyaning ajralmas bo`lagi bo`lib hisoblanadi va asar mazmuniga ishora qiladi.
Pichingli til - masal janrining doimiy xususiyatlaridan biri. Adabiyotshunoslikda ezopcha tildan foydalanishning sabablarini turlicha izohlaydilar. Masalchi fikrni niqoblash uchun kinoyaviy usuldan foydalanadi, degan tushuncha bilan birga bunday tilga voqelikni badiiy ifoda etishning bir shakli sifatida ham qaraydilar.
Masalning shakliy-badiiy xususiyatlari, g`oyaviy mazmuniga qarab, olimlar uni bir necha turlarga ajratishgan. Masalan, M.L.Gasparovda masal-allegoriya, masal-etiologiya, masal-latifa kabi atamalar uchraydi. Masal janri ichidagi bo`linishlarni bunday tasniflash ham shartlidir. Zero, janrlar taraqqiyotidagi sintez, o`zaro ta`sir uning yana xilma-xil shakllarini vujudga keltirishi shubhasiz.
Latifa xarakter e`tibori, hajv va yumorga asoslanishi bilan askiya janriga yaqin turadi.
Askiya so`z o`yini, ko`chma ma`noli so`z va jumlalarni ilg`ab olish va unga javob topa bilish, shama qilish san`atidir . Askiya tortishuvida askiyabozlardan aql-idrok va hozirjavoblik talab etiladi. Askiya - zehnlar sinovi bo`lgani uchun, hozirjavoblik-uning asosiy belgisi, so`zga chechanlik esa uning mahorat mezoni sanaladi. Askiyabozlarning zukkoligi askiya davomida hal qiluvchi vazifani ado etadi. Latifalardagi Xo`ja Nasriddin kabi askiyada askiyabozlar zarur so`zlarni o`z o`rnida ishlatish mahoratini namoyon qilishadi.
Xalq ijodiyoti janrlari o`z xususiyatlariga, badiiy tamoyillariga, ichki qonun-qoidalariga ega. Latifalarda kishilar obrazini ochish uchun hayotdagi tipik hodisalar tanlab olinadi. Ular o`xshatish, tazod, mubolag`a, taqqoslash va boshqa badiiy vositalar yordami bilan ifodalanadi. Askiyada ham kulgi chiqarish uchun voqealar, obrazlar tipiklashtiriladi. Tabiat manzaralari, kishilar obrazi, voqealar rivoji, yechim, xulosalar ixcham, o`ynoqi, o`tkir ifodalar bilan beriladi.
Askiyaning va latifaning bosh vazifasi tomoshabinlarni kuldirish, so`z vositasi bilan kulgi chiqarishdir. Lekin bu kulgi bekorchi kulgi emas, balki ma`lum maqsadga yo`naltirilgan ma`noli, jozibali qahqahadir. Chunki askiyachilar va latifachilar kuldirib, odamlarga ko`tarinki xush kayfiyat bag`ishlaydi, kulgi yordamida insoniylik g`oyalarini targ`ib qilib, ko`pchilikning ongiga ta`sir ko`rsatadilar.
Askiyaning an`anaga aylangan, mukammal usuldagi turi payrov deb ataladi. Payrov kompozitsiyasi ikki fikrning bir-biriga qarshi qo`yilishidan iborat. Xuddi mana shu narsa askiyani latifaga yaqinlashtiradi. Bu fikrlar o`zaro bir-birini inkor etishi yoki tasdiqlashi, kuchaytirishi lozim. Ana shu fikrlar asosida satira va yumor mavjud. Askiya - payrovlarda so`zlarning ko`chma ma`no ifodalashi uning eng zarur shartlaridan biridir. Payrovlar epik mazmunga ega bo`lib, turli mavzulardan iborat. Mavzu izchil syujetda atroflicha rivojlantirilib tugallanadi. Latifalar tuzilishi va mazmuni jihatidan puxta va kichik hajmda bo`ladi. Askiyada bunday emas. Askiyachilar bir mavzuda 10-20 minutgacha ham askiya qila oladilar.
Askiya-payrovlarda ma`lum bir mavzu mazmuni ikki yoki undan ortiq askiyachi ishtirokida yakunlanadi. Askiyachilar payrov g`oyaviy mazmunini o`z nutqlari orqali ifodalaydigan badiiy obrazlarga ham aylanadilar. Bu obrazlarning ijobiy yoki salbiy xususiyat kasb etishlari mavzuning rivojiga bog`liq. Shu jihatdan askiyachi - obyektiv dunyoni subyektiv kechinmalar orqali aks ettiradigan lirik qahramonga o`xshab ketadi.
Askiya ijro qilinishida g`oyaviy mazmunning yechilishi personajlar nutqidagi dialog, monolog, replikalarga bog`liqligi jihatidan xalq latifalariga yaqin.
Shunday qilib, latifa janrining xususiyatlarini boshqa janrlar bilan taqqoslash shuni ko`rsatdiki, xalq latifalari mavzu va obrazlar jihatidan ertak, masal va askiyalardan ma`lum farqlari bilan ajralib turadi. Latifa o`zbek xalq ijodida ming yillardan beri rivojlanib, shakllanib, ma`lum janriy xususiyatlarga ega bo`lgan. Xalq asarlari qaysi shaklda uchramasin, ularning janriy xususiyatlarini matndan topish mumkin. Ko`p janrlar, jumladan, rivoyatlar, masallar, tamsiliy hikoyatlar xalqdan xalqqa, asrlardan asrlarga ko`p o`zgarishlar bilan o`tib, o`zining janriy xususiyatini o`zgartirgan va latifalarga aylanib ketishgan. Ularning farqini aniqlashda janrning uslubiy va badiiy xususiyatlari yordam beradi.
Badiiy nasriy asarlar qurilishi, odatda, mavzu va g`oyaviy niyat muvofiqligi, voqelikni estetik aks ettirish tamoyili bilan birga o`zining takrorlanmas ichki mantiqiy syujet rivojiga ega. Badiiy asarning g`oyaviy-estetik yaxlitlikka erishuvida uni tashkillashtiruvchi kompozitsiya katta ahamiyatga ega.
O`zbek xalq latifalarining kompozitsion xususiyatlari shu paytgacha alohida obyekt sifatida o`rganilmagan. Janrning umumiy tadqiqiga bag`ishlangan folklorshunoslar ishlarida latifa tuzilishi qasida aytilgan ayrim fikrlar mavjud, xolos.
Latifa janri XX asrda ko`p o`zbek olimlarining e`tiborini tortdi. Unga maxsus tadqiqotlar bag`ishlandi. Bir qancha to`plamlar chiqarildi. Har bir to`plamga kirish so`zlari yozildi. Barcha mualliflar latifaning kichkina matniga jo bo`lgan kulgining ajab qayishqoq mexanizmini topishga intilganlar.
Ko`lami hamda nazariy jihatdan yoritilishiga ko`ra turlicha bo`lgan bu ishlarda janr haqida ko`p qimmatli ma`lumotlar bor. Jumladan, folklorshunoslar tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan janr belgilari, latifaga berilayotgan hamma xususiyatlarni besh guruhga ajratish mumkin. Bu guruhlar esa quyidagicha.
Latifalar - 1) epik; 2) qisqa; 3) hazil va hajvga asoslangan janr; 4) tugallangan syujet va 5) kutilmagan yakunga ega.
Demak, latifa janri turli jihatdan o`rganib chiqilgan. Natijada, har xil farq qiluvchi xulosalarga qaramasdan, ularda janrning turli tomonlari haqida ko`p qimmatli ma`lumotlar bor. Endi biz ulardan tayanch ma`lumot sifatida foydalanamiz. Shunga qaramay, bu janrning barcha xususiyatlari hozircha to`liq ochilgani yo`q va o`ziga boshqacha yondashish, yangi tadqiq usullarini talab qilmoqda.
Latifa - xalq og`zaki ijodining eng kichik nasriy janri. U tugallangan syujet va kutilmagan yakunga ega. Bu janr qadimiy bo`lib, o`ziga xos komik fikrlash tarzi qadim zamonlarda yuzaga kelib, sayqallanib, alohida estetik idrok shakli sifatida shakllangan. Davrlar, odamlarning hayot tarzi, tarixiy voqealar o`zgardi, lekin o`rnashgan estetik fikrlash shakli yangi paydo bo`lgan mazmunga moslashaverdi, o`zi ham boyidi va shu bilan birgalikda janr matnlari miqdorini ham boyitdi. Xalq og`zaki ijodining eng ommabop janrlaridan biri - latifa yashovchan bo`lib chiqdi. U bugungi kunda ham faol rivojlanayotgan janrdir. Bu esa xalqning ko`pdan ko`p latifalar yarata turib, avvaldan yaratilgan an`anaviy badiiy vositalardan foydalanganligini bildiradi.
Anekdot - qandaydir murakkab hodisa. Povest, roman, komediyani yagona, tasodifiy, tipik bo`lmagan fakt asosida qurish mumkinmi? Chigal hodisa latifani umumlashma darajasiga ko`tarish mumkinmi? - deb so`raydi D.Nikolayev o`zining Kulgi - satira quroli nomli kitobida o`z savoliga tasdiq ma`nosida javob beradi hamda Gogolning barcha satirik asarlari syujeti anekdot asosida qurilgan deb hisoblaydi.
Keltirilgan mulohaza latifaga xos syujet shakllari va ba`zi badiiy vositalari yozma adabiyotga ham o`tganligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, ular hajviy adabiyot va dramaturgiyaning negizini tashkil etadi.
Latifalardagi komik mexanizmni ochish dolzarb muammoga aylanayaptiki, buning yechimi, xususan, latifa janri chegarasidan ham chiqib ketadi. Qanday syujet shakllari bu janrga xos? Unda janrni ma`lum janr sifatida shakllantirgan umumiy narsani ochish mumkinmi?
Olimlar tomonidan ko`rsatilgan latifalar xususiyatlari janrning muhim tomonlarini ochib berolmaydi. Qisqalik, syujetning tugallanganligi va kutilmagan yakun kabi xususiyatlar latifaning faqat yuzaki, tashqi belgilaridir. Ular ma`lum darajada masallarga, kichik ertaklarga va hatto topishmoqlarga ham xos. Shuning uchun ham K.Imomov janrning to`liq yoritilmaganligini ko`zda tutgan holda Keyinchalik latifa, og`zaki hikoya va loflarni alohida tadqiq etish kerak bo`ladi. Chunki har bir janr imkoniyatlari uning tarixi, g`oyaviy-badiiy xususiyati, syujet va kompozitsiyasi, til va stil vositalarini belgilab chiqish, ularning turmushdagi o`rni va zaruriy funksiyasini ochib beradi, - deb yozgan edi. Latifa va uning poetikasi hanuzgacha xalq og`zaki ijodining ko`pdan ko`p yechilmagan muammolaridan biri bo`lib qolmoqda.
























I.1. Latifa kompozitsiyasi
Latifa kompozitsiyasi va uning tamoyillari

Barcha nashr qilingan latifalarni qiyosiy o`rganish bizga quyidagi kompozitsion tamoyillarni ajratishga imkon berdi:
1. Elementlararo zid munosabat tamoyili;
2. Elementlararo mantiqiy izchil munosabat tamoyili. Bu tamoyil syujet harakatiga asoslangan folklorning hamma asarlariga xos.
Shu o`rinda S.Madiyev ko`rsatib o`tgan tamoyillarni ham aytishimiz joizdir. Uningcha Xalq latifalari asosan uch tamoyil asosida quriladi:
I. So`z o`yini, o`tkir zehnlilik, kutilmaganlik va boplab javob qaytarish asosida. Bunday latifalarda ijobiy personajlar qiyinchiliklarni osonlik bilan yengib, xarakter xususiyati yordamida salbiy personajlarni kulgili ahvolga solib qo`yadi.
II. Tasodifiy va kutilmagan holatlar, personajlarning kulgili, bema`ni harakatlari asosida. Bu guruhga latifalarning katta qismi kiradi. Bu guruhda metonimiya va metateza kabi badiiy vositalar juda keng ishlatiladi.
III. Mantiqiy nomunosiblik asosida. Bu guruh latifalari qahramonlarining harakati va takabburona gaplari sog`lom fikr mantiqiga to`g`ri kelmaydi. Bu guruhga birinchi navbatda sodda va go`llar tasvirlangan latifalar kiradi. Bu xil latifalarda personajlarning harakati va so`zlaridagi mantiqiy xato va ziddiyatlarning ochilishi kulminatsiya bo`ladi.
Ajratilgan kompozitsion tamoyillarni tahlil qilishdan avval latifashunoslikda ishlatiladigan ayrim terminlar ko`lami va mohiyatini aniqlab olish lozim. Latifa folklorning alohida janri bo`lgani uchun uning asosida bitta yoki bir nechta syujet bo`lishi mumkin. Kompozitsion tamoyillar eng avval bir syujet voqealarini ochadi, lekin asar kompozitsiyasi tushunchasi, syujet kompozitsiyasi tushunchasidan kengroqdir. Modomiki, ba`zida latifa asarlari ko`p syujetli bo`lar ekan, ularda har xil tamoyillar birikishi ham mumkin.
Latifaning tuzilishi ma`lum munosabatlarni barbod qilishga va ularni o`z aksiga o`zgartirishga yo`naltirilgan. Masalan, Boy Afandini ranjitmoqchi bo`ldi, lekin Afandi uning hujumini mantiqiy jihatdan barbod qildi. Natijada, hujum qiluvchi tomon ranjib qoldi. Boy Afandini aldamoqchi bo`ldi, lekin o`zi aldanib qoldi va hokazo. Shuning uchun dastlabki muomalani mantiqiy o`zgartirish usulini latifa janrining muhim xususiyati deb hisoblashimiz mumkin.
Mana shu xususiyatga binoan latifalarni asl latifalar va latifa nomi bilan atalayotgan boshqa hikoyachalar tarkibiga ajratish mumkin. Ahmoqlar, dangasalar haqidagi matnlarni latifa deb bo`lmaydi. Ular haqiqatan ham qisqa, yumoristik. Ularda qandaydir darajada o`z syujeti va kutilmagan yakuni ham bor. Ular umumiy tavsiflardan boshqa latifaga tegishli hech narsaga ega emas.
Endi dastlabki fikrni teskari yo`naltiruvchi latifani ko`rib chiqamiz. Buning uchun hayotiy, oilaviy Husn-jamol va non nomli latifaga murojaat qilaylik.
Afandi xotini bilan qaymoqlashib o`tirib, qorni ochib qoldi va xotinidan non so`radi.
- Nonni nima qilasiz, - dedi xotin, - mening husnu jamolimga qarasangiz, to`yasiz!
- Husn-jamoling juda o`tkirlik qilayotibdi, - dedi Afandi. - Non botirib yemasam, ichimni kuydirib yuboradi.
Dastlabki (voqea) fikrni birinchi element, keyingi (voqea) fikrni esa ikkinchi element deb ataylik. Latifa janriga ikki elementlilik xosdir, har qanday matnni so`nggi hisobda ikki zid fikrga keltirish mumkin. Haqiqatda ba`zi matnlarda elementlar ikkitadan ortiq ham bo`lishi mumkin.
Undan ham murakkabroq matnlar ham bor. Ular bir necha tugallangan latifalardan iborat bo`ladi. Ularning qandaydir bir-biri bilan bog`liqligi tufayli bunday to`plamlarni tuzuvchilar ularni latifa janriga kiritishadi. Bunday matnlarda qismlar soni haqiqatan ham ko`p. Shuning uchun bunday asarlar tahlilida ularni alohida syujetli bo`laklarga ajratish joizdir va har bir syujetga mustaqil tuzilma sifatida qarash kerak. Ko`p syujetli latifalarni novella deb atash mumkin.
O`zbek xalq latifalarining asosiy qismi murakkab tuzilishga ega. Ulardagi matnning ikkinchi qismi personaj ifodalagan fikrnigina barbod qilish bilan cheklanmaydi. Misol uchun Eshakdan farqi qancha? nomli latifa matnini olaylik.
Afandi bir kuni saharda hammomga tushgan edi, qorong`ida paypaslanib borib, supada o`tirgan bir kishining yoniga o`tirib qoldi. O`tirgan odam mamlakatning podshosi edi. Afandining yaqin o`tirganiga achchig`i kelib:
- E, befarosat odam, sen bilan eshakning orasida qancha farq bor? - dedi.
Afandi darhol ikki orani qarichlab ko`rib:
- Ko`p emas, ikki qarich ekan, xolos, - dedi.
Bu matnda podsho fikri oddiy fuqaroga qarshi yo`naltirilgan. Shuning uchun uning mazmuni oddiy fuqaro xususiyatini baholashga teng. Afandi o`zining javobida (ikkinchi element) podsho fikrining faqatgina mantiqiy mazmunini barbod qilib qolmasdan, balki uni aksiga o`zgartiradi. Endi podshoning o`zi eshak bo`lib qoladi.
Chamasi, o`zbek xalq latifalarining salmoqli qismi shunday murakkab tamoyil asosida qurilgan. Shuni aytish kerakki, fikrning murakkabligi janrning ikki elementli tuzilmasini buzmaydi. Dastlabki voqea murakkablashadi, u qahramonning hissiyoti jo`sh urgan lahza bilan to`ldiriladi, lekin tuzilma fikr - qarshi fikr o`z kuchini saqlab qoladi.
Shunday qilib, tadqiq qilinayotgan tamoyil ko`pgina latifalarda mavjud. Lekin, shunga qaramay, uning tuzilmasini doimiy ikki element tashkil etadi: dastlabki voqea elementi, uning barbod etilishi va unga boshqa voqeani qarshi qo`yish.
Shu paytgacha ikki elementdan iborat matn haqida so`z borgan edi. Biroq latifa tuzilmasi asosan elementlararo munosabat, ularning o`zaro bog`liqligidan tashkil topgan. Faqat elementlarning o`zaro bog`liqligigina predmetning faolligiga imkon beradi. Latifa tuzilmasidagi ikki element orasidagi munosabat turlaridan biri - ziddiyat haqida biz yuqorida to`xtalgan edik. Misollarni eslaylik: Afandi xotinining mening husnu jamolimga qarasangiz, to`yasiz, - degan gapi o`ziga qarshi yo`naltirilayapti. Ya`ni husnu jamoli o`tkirlik qilayotganligi uchun ham unga non botirib yemasa, ichini kuydirib yuboradi. Podshoning sen bilan eshakning orasida qancha farq bor? - degan gapi o`ziga qarshi yo`naltirilib, ikki qarich ekan, xolos, - degan javobni oladi.
Elementlar orasida yana bir munosabat xili mavjud. Biz uni mantiqiy izchillik, biriktiruvchi munosabat deb atasak bo`ladi. Syujet harakatiga asoslangan har qanday badiiy asar mantiqiy izchillik tamoyiliga binoan rivojlanadi. Masalan, quyidagi latifa voqealari butunlay shu tamoyil asosida rivojlangan.
Bir baxil Afandidan so`radi:
- Siz ham pulni sevasizmi?
- Albatta! - dedi Afandi.

Oldingi sahifa | Sahifa 2 6 | Keyingi sahifa
Teglar: bilan Afandi latifa uchun uning mumkin Latifa bo96ladi bo96lib badiiy qilib hikoya sifatida O96zbek syujet ularning xususiyatlari asosiy haqida latifalarda